Ukraina urushi: Uch yil deganda ilk bor Ukraina va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara qildi

Surat manbasi, Dmytro Vlasov/BBC
Istanbul shahrida Ukrainadagi urush masalasini muhokama etish maqsadida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uch yil deganda ilk bor yuzma-yuz uchrashdilar.
Ular tarjimon orqali gaplashdilar.
Yopiq eshiklar ortida o‘tgan qariyb ikki soatlik muzokaradan keyin tomonlar 1000 tadan asirni almashishga kelishdilar.
Muzokarani ochish marosimida Turkiya ham qatnashdi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidanga ko‘ra, o‘t ochishga imkoni boricha tez erishilishi muhim, chunki har kuni borgan sayin ko‘p inson hayotdan ko‘z yumayapti.
Tomonlar rasman bir-birini taqdim etganidan keyin Turkiya vakillari muzokara xonasidan chiqib ketdilar, marosimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga uzatayotgan Turkiya televideniesi translyatsiyasi to‘xtatildi.
Rossiya va Ukraina rasmiylarining o‘zaro muloqoti yopiq eshiklar ortida davom etdi.
Ukraina delegatsiyasiga Mudofaa vaziri, millati Qrim Tatar Rustam Umerov rahbar.
Ukraina rasmiylari hay’atga Prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina nomidan qaror qabul qilish mandatini bergan, biroq Rossiya delegatsiyasida bunday vakolat yo‘qligini aytgan.
"Rossiyada faqat bir odam - Putin qaror qabul qiladi", deydi ular.
Rustam Umerov 2022 yil martida Istanbulda Rossiya va Ukraina muzokaralarida ham ishtirok etgan, u vaqtda Ukraina parlamenti a’zosi sifatida qatnashgan.
Rossiya delegatsiyasini xuddi 2022 yildagidek Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy boshqarayapti.
Muzokarachilarning suhbati qariyb ikki soatga cho‘zilgani "umidlarni paydo qildi", deb yozdi Bi-bi-si muxbiri.
So‘ng Ukraina hay’ati rahbari Rustam Umerov jurnalistlarga tomonlar 1000 asirga 1000 asirni almashishga kelishganlarini xabar qildi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Medinskiy asirlar almashinishini tasdiqladi.
Bu almashinuv qachon bo‘lishi hozircha aniq emas.
Ukraina tomoni Ukraina va Rossiya prezidentlarining yuzma-yuz uchrashishini talab qilgan.
Medinskiy ushbu "so‘rov qabul qilingani"ni aytdi.
Ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatishni qanday ko‘rishini taqdim etadi, ana undan keyin muzokaralar davom ettiriladi, dedi Rossiya hay’ati rahbari Medinskiy.
16 may kuni Albaniya poytaxti Tiranada Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti boshlandi, u yerda aksar Yevropa davlatlari rahbarlari yig‘ildilar.
Sammitda Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etdi.
Sammitda muhokama qilingan masalalardan biri Rossiyaga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish bo‘lgan.
10 may kuni Kievga borgan Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniyaning yangi kantsleri Fridrix Merts Rossiya oldiga 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish talabini qo‘yishgan, agar 12 maydan o‘t ochishni to‘xtatmasa, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishidan ogohlantirgan edilar.
O‘sha tunda televidenie orqali murojaat qilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil to‘xtab qolgan Rossiya-Ukraina muzokaralarini qayta boshlashga chaqirgan, lekin Rossiya o‘t ochishni to‘xtatgani yo‘q.
Muzokaralar tugaganidan keyin ichkarida aytilgan gaplardan ayrimlari tashqariga chiqdi.
Xususan, Economist nashri muxbiri Oliver Kerroll o‘zining X dagi sahifasida yozishicha, muzokara payti Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy "biz qancha kerak bo‘lsa, shuncha urushishga tayyormiz", deb aytgan.
"Biz urushni xohlamaymiz, biroq biz bir yil, ikki uch, qancha kerak bo‘lsa, shuncha urushishga tayyormiz. Biz Shvetsiya bilan 21 yil urushganmiz. Siz necha yil urushishga tayyorsiz? Ehtimol, shu stolda o‘tirganlardan ayrimlari yanada ko‘p qarindoshlaaridan ayrilar. Rossiya abadiy urushishga tayyor", deb aytgan Vladimir Medinskiy.
15 may. Tramp: men va Putin uchrashmagunimizcha, tinchlik muzokaralarida siljish bo‘lmaydi

Surat manbasi, Reuters
15 may kuni butun dunyoning nigohi Turkiya Istanbuliga qadaldi. Bu yerda Rossiya-Ukraina urushi uchun muhim qaror qabul qilinishi kutilgan edi. Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari va AQSh Prezidenti Donald Tramp ishtirokida Rossiyadan o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan, bunga javoban Rossiya Prezidenti 2022 yil to‘xtab qolgan Turkiya vositachiligidagi Ukraina-Rossiya muzokaralarini davom ettishga chaqirgan, hamma voqealar qanday rivojlanishini kutayotgan edi.
Bi-bi-si muxbiri Svyatoslav Xomenko shunday yozadi:
Do‘lmabog‘cha saroyi darvozolari oldida, ayni quyosh jaziramasi ostida dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab jurnalistlar to‘plangan. Vaziyatning g‘alatiligi shundaki, ular nimani kutayotganlari noma’lum.
Bugun ertalab(15 may kuni) TASS davlat axborot agentligi Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining o‘rtasidagi muzokaralar mana shu yerda, Do‘lmabog‘chada soat 10 da boshlanadi deb xabar tarqatdi.
Volodimir Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov ushbu xabarni o‘sha zahotiyoq Rossiyaning navbatdagi feyki dedi.
Sal keyinroq Moskva, Turkiyaning tomonining so‘rovi bilan muzokaralar kunning ikkinchi yarmiga ko‘chirilishi haqida xabar qildi.
Biroq Bi-bi-sining Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbasi ushbu informatsiyani rad etdi, hay’atlarning uchrashuvi biron aniq vaqtga rejalangani yo‘q, shu tufayli uchrashuv vaqti ko‘chirilishi haqidagi savol ko‘tarilishi mumkin emas.
Ayni daqiqalarda vaziyat shunday ko‘rinadi: Istanbulga Rossiya delegatsiyasi yetib kelgan.
Bu hay’at 2022 yildagi Istanbul muzokaralaridagi Rossiya vakillaridan tarkib topgan va uning rahbari o‘sha Vladimir Medinskiy.
Ushbu vaziyatning ikki muammosi bor.
Birinchidan, Ukraina 2022 yildagi muzokaralarni Moskvaning Kievning taslim bo‘lishini muhokama etish harakati deb ko‘radi hamda Vladimir Putin talqinida parafirovatsiya qilib bo‘lingan hujjatga qaytishni butkul rad etadi.
Ukraina vakillariga ko‘ra, u hujjat hech qanday ahamiyati yo‘q hujjatligicha qolgan.
Ikkinchidan, Kievda Rossiya delegatsiyaning darajasi savol uyg‘otayapti. Yumshoq qilib aytganda, bu hay’at a’zolari biror bir jiddiy qaror qabul qilish vakolatiga ega odamlar emas.
Agar Volodimir Zelenskiydan iqtibos qilinsa, Moskvadan kelgan elchilarning darajasi "butaforcha"(ya’ni, do‘kon derazasiga namoyishga qo‘yiladigan tovarning soxta nusxasi).
Shuning uchun ukrainlarning bu odamlar bilan jiddiy mavzuda suhbatlashishlaridan ma’ni yo‘q.
Hozir Volodimir Zelenskiy va uning delegatsiyasi a’zolari, shu jumladan, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari, Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, Mudofaa va Tashqi ishlar vazirlari Anqaraga uchib keldilar, ular u yerda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazishadi.
Kiev tarafidan Ukraina delegatsiyasi a’zolaridan kimdir Istanbulga borib Medinskiy va uning hamkasblari bilan suhbatlashishni mo‘ljallayotgani haqida rasmiy bayonot bo‘lgani yo‘q.
Ayni paytda biz Zelenskiy har qaysi daqiqada o‘z jamoasi a’zolaridan kimnidir u yoqqa misol uchun, texnik muzokaralarga yuborishi ehtimolini butkul rad etolmaymiz.
Har qanday holatda ham soat to‘rtda Zelenskiy Anqaradagi Ukraina elchiligida matbuot anjumani o‘tkazadi va o‘shanda biz bundan keyin u nima qilmoqchi ekani, va bugun 2022 yildan keyingi Ukraina bilan Rossiya vakaillarining ilk hech qursa texnik darajadagi suhbati bo‘lish-bo‘lmasligini bilib olamiz.
Lekin shunda yodda tutish kerakki, hozirgi paytda Ukraina bilan Rossiya o‘rtasida mazmunli muzokara olib borish uchun zaminga ega emaslar.
Kiev har qanday muzokaralarga tayyor ekanini aytadi, lekin faqat Rossiya har tomonlama kamida 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lganidan keyin, deydi.

Surat manbasi, .
Moskva bunga rozi emas: ushbu 30 kun ichida Ukraina Qurolli kuchlari kuch to‘plab oladi va jang maydonidagi o‘zlarining ahvolini yaxshilab oladilar, bu esa Rossiyaning foydasiga emas, deydi.
O‘z navbatida Moskva sulh muzokaralari "Ukraina konfliktining ilk sabablari" muhokama etilganidan keyin boshlanishi kerak deydi, ungacha esa urush davom etaveradi.
Kiev esa "ilk sabablari muhokamasi"ni o‘zlarini taslim bo‘lishga majbur etish harakati deb hisoblaydi va Moskvaning ushbu talabiga ko‘nmayapti.
Ushbu mavqe’lar o‘rtasida yagona bog‘liqlikni hozircha topib bo‘lmayapti va topib bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lum. Kimdir yon bosishi kerak bo‘ladi.
Kiev xorijiy rahbarlar bosimiga, shu jumladan, Moskvaga yaqin deb ko‘riladigan Turkiya yoki Braziliya prezidentlari Vladimir Putinni yon berishga bosim qilishlariga umid qiladi.
Vladimir Putin, har doimgidek, "hammani chuv tushirib ketaman", deb hisoblaydi.
Va nihoyat, Donald Tramp qartasi qanday o‘ynalishini hech kim bilmaydi.
U bir tomondan yarashuv tarafdori, ikkinchi tarafdan, Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi har qanaqa kun tartibidagi muzokaralar bo‘lishini xohlaydi.
U kechadan oldingi kuni shaxsan Turkiyaga kelishi ehtimolini istisno etmadi, kecha rad etdi, bugun esa yana istisno etmadi".
Tinchlik shartlarini Tramp emas, Putin belgilayapti
Bi-bi-sining AQSh Davlat departamentidagi muxbiri Pol Beytmanning fikricha, tinchlik shartlarini Tramp emas, aynan Putin belgilayotgan ko‘rinadi.
Davlat kotibi Marko Rubioga hamrohlik qilayotgan Amerika delegatsiyasi Turkiyada biroz ruhan tushkun holatda ko‘rinadi, deydi o‘zi ham Rubioga hamrohlik qilayotgan jurnalistlar orasida bo‘lgan muxbirimiz.
Turkiyaning Antaliyasida NATOga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi oldindan rejalashtirilgan edi.
Ammo asosiy mavzu, albatta, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar va ularning Istanbulda o‘tkazilishi masalasi bo‘lib qolmoqda, deb yozadi muxbirimiz.
"Agar Tramp ko‘rsatmasiga binoan Amerika rasmiylarining maqsadi Putinni Turkiyaga kelishga undash yoki turli vositalar bilan chaqirish bo‘lgan bo‘lsa, hozircha bu reja amalga oshmadi.
Shu bois ularning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi quyi darajadagi muzokaralarga bo‘lgan qiziqishlari ham sust ko‘rinadi.
NATO Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini ochishda Rubioning nutqi ham jonsiz bo‘ldi.
U, "qanday rivojlanishini kuzatamiz", dedi va "taklif qilinishi mumkin bo‘lgan mexanizmlar" haqida so‘z yuritdi.
Uning qariyb uch hafta avval aytgan tahdidlari — agar Rossiya va Ukraina tomonidan haqiqiy yutuqlarga erishilmasa, AQSh vositachilikdan chiqishini ma’lum qilgan bayonoti — endilikda go‘yo unutilganday...
Yevropaliklar esa Putinga bosimni kuchaytirishga harakat qilmoqdalar — faqat Zelenskiy Turkiyaga kelib, tinchlikka intilishini namoyon etganini ta’kidlamoqdalar.
Ammo Vashington dastagisiz, bu kabi yondashuvdan ma’ni yo‘q – muzokaralar jarayonini Tramp emas, Putin nazorat qilayotgani haqiqatga yaqinroq".
Tramp: men va Putin uchrashmagunimizcha, tinchlik muzokaralarida siljish bo‘lmaydi
O‘zining Yaqin Sharq bo‘ylab to‘rt kunlik safarining uchinchi kunida AQSh Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni va Qatardan keyin Birlashgan Arab amirliklariga bordi.
U bilan birga parvoz qilayotgan Bi-bi-si muxbiri Rossiya Ukraina bilan muzokaraga yuborgan hay’atning darajasi pastligiga Trampning munosabati so‘radi.
"Biz Putin bilan uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi", dedi AQSh Prezidenti Donald Tramp.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yaqin kunlarda Putin bilan Trampning uchrauviga hech qanday tayyorgarlik bo‘lgani yo‘q va bu masala ko‘tarilgani yo‘q.
Shu kuni Anqarada Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokara o‘tkazdi.
Shu kuni Ukraina asli O‘zbekistonning Navoiy viloyatida tug‘ilgan Nariman Jalilni Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlagani xabar qilindi.
Ukrainaga qo‘shni Rossiyaning Kursk viloyatiga qilingan Ukraina hujumida 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani xabarini tarqatdi Kursk viloyati hokimi.
12 may. Trampning talabidan so‘ng Zelenskiy Putinni uchrashuvga chaqirdi - Putin Istanbulga boradimi?

Surat manbasi, EPA
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni to‘xtatishni muhokama qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelayotgan payshanba kuni Istanbulda shaxsan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uning X (sobiq Twitter)dagi bu bayonoti AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasida Turkiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishini talab qilganidan so‘ng paydo bo‘ldi.
"O‘ldirishlarni cho‘zishdan ma’no yo‘q. Payshanba kuni Putinni Turkiyada kutaman. Shaxsan," — deb yozdi Zelenskiy.
U avvalroq, Ukraina Rossiya bilan muzokaralarga ochiq ekanini aytgan, ammo bu faqat otashkesim amalga kirganidan so‘ng mumkinligini ta’kidlagan edi.
G‘arb davlatlari dushanbadan boshlab janglarni 30 kun to‘xtatishga chaqirdi. Bu chaqiriq Yevropaning "istovchilar ittifoqi"ga qo‘shilgan yetakchilari tomonidan Kievda shanba kuni o‘tkazilgan uchrashuvda ilgari surilgan.
Shundan keyin Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi.
Yakshanba kuni Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda Ukraina bu taklifga "darhol" rozi bo‘lishi kerakligini bildirib, bu urushni to‘xtatishning imkoni bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beradi, deb yozdi.
"Hech bo‘lmaganda, kelishuv bo‘ladimi, yo‘q, aniq bo‘ladi. Agar bo‘lmasa, Yevropa yetakchilari va AQSh buni tushunib, keyingi qadamlarini belgilaydi. Uchrashuvni o‘tkazing, hozir!" — dedi Tramp.
Bu Ukraina qurol va jangchilar to‘plab, jon holatda xandaqlarga kirib olishga debocha emas, balki uzoq muddatli, barqaror tinchlikka olib boruvchi birinchi qadam bo‘lardi.
Zelenskiy o‘zining X sahifasidagi postida muzokaralar oldidan Rossiyadan to‘liq otashkesimni kutayotganini ma’lum qildi.
"Ertadan boshlab to‘liq va barqaror otashkesimni kutyapmiz. Bu diplomatiya uchun zarur asos bo‘ladi," — dedi u.
Shanba kechasi Putin Ukrainaga urush bo‘yicha "jiddiy muzokaralar" o‘tkazishni taklif qildi. Rossiya tomoni urushni 2022 yilda keng ko‘lamli bosqin bilan boshlagan edi.
Putin "yangi kelishuv"ga erishish ehtimolini inkor qilmasligini aytdi, ammo 30 kunlik shartsiz otashkesim talablari borasida ochiq fikr bildirmadi.
Rossiya prezidenti "Bu Ukraina qurolli kuchlari yangi qurol va jangchilar to‘plagach, jon holatda xandaqlarga kirib oladigan va yangi istehkomlarga qurishiga debocha emas, balki uzoq muddatli, barqaror tinchlikka olib boruvchi birinchi qadam bo‘lardi", dedi.

Surat manbasi, EPA
Moskva avvalroq Rossiya otashkesim ehtimollarini ko‘rib chiqishi uchun G‘arb Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishi kerakligini aytgan edi.
Shanba kuni Zelenskiy Kievda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kantsleri Fridrix Merts va Polsha bosh vaziri Donald Tuskni qabul qildi. Ular keyinroq Tramp bilan ham rejalar haqida gaplashishdi.
Zelenskiy bilan matbuot anjumanida qatnashgan yetakchilar: "Agar Putin 30 kunlik havoda, dengizda va quruqlikda olib borilayotgan janglarni shartsiz to‘xtatmasa, Rossiyaning energetika va bank sektoriga nisbatan yangi va kuchli sanksiyalar joriy qilinadi", — deb ogohlantirdi.
Rossiya va Ukraina oxirgi marta 2022 yil mart oyida Istanbulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazgan.
Oradan uch yildan ortiq vaqt o‘tgach, har ikki tomon muzokaralarni qayta boshlashga rozilik bergandek. Ammo muzokaralar va kelishuv — ikki xil narsa. Har ikki taraf hamon o‘zining qat’iy shartlaridan qaytmagan ko‘rinadi.