Rossiya Ukrainaning Sumi viloyatida bufer zona yaratmoqchimi? - Video

Surat manbasi, Emergency services of Sumy
- Author, Abdujalil Abdurasulov
- Role, BBC News
Rossiya qo‘shinlari Ukraina shimoliy-sharqida joylashgan Sumi viloyatida ustunlikka erishmoqda. Ukrainaning mintaqadagi rasmiylari bu Moskva chegara bo‘ylab "bufer zonalar" yaratishga urinmoqda, degan taxmin bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Sumi viloyati rahbari Oleh Hrihorovning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari to‘rtta qishloqni egallab olgan va hududdagi boshqa aholi punktlari atrofida janglar davom etmoqda. "Maqsad — 'bufer zona' tashkil etish," dedi u.
Rossiya tomoni esa hozirgacha Sumida olti qishloqni egallaganini ma’lum qilgan.
O‘tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin chegara bo‘ylab "xavfsizlik bufer" zonalar yaratish rejasini e’lon qilgan edi. "Dushmanning o‘t ochish nuqtalari faol ravishda yo‘q qilinmoqda, ish davom etmoqda," dedi u.
Sumidagi har qanday muvaffaqiyat Putin tomonidan keyingi sulh muzokaralarida siyosiy bosim va yangi hududiy talablar uchun bahona sifatida foydalanilishi mumkin.
Putinga ko‘ra, bufer zonalar Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan Xarkiv, Sumi va Chernihiv viloyatlariga tutash Rossiya hududlariga "qo‘shimcha himoya" yaratish uchun kerak.
Dushanba kuni Facebook'da bayonot bergan Hrihorov shunday yozdi: "Dushman 'bufer zona' tashkil etish maqsadida ilgarilashga urinishda davom etmoqda."
Uning qo‘shimcha qilishicha, Sumi viloyatida joylashgan Novenke, Basivka, Veselivka va Juravka qishloqlari egallab olingan.
Kiev hozircha Rossiya qo‘shinlari Sumida ekani haqida rasman bayonot bermagan. BBC bog‘langanida, Hrihorov dushanba kuni tarqatgan ma’lumotini tasdiqlashdan bosh tortdi va bu borada faqat harbiylar izoh berishi mumkinligini aytdi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi har kunlik axborotida "Kursk yo‘nalishi"dagi (ya’ni Rossiya chegarasi tomon) to‘qnashuvlar va boshqa harbiy harakatlar haqida ma’lum qilgan, ammo aniq joylarni zikr etmagan.
Sumidagi harbiy faoliyatni muvofiqlashtiradigan Ukraina armiyasi birlashmasi BBC'ning so‘roviga izoh berishdan bosh tortdi — bu Rossiyaning shimoldagi ilgarilashi haqidagi ma’lumot Ukraina rasmiylari uchun juda hassos ekanini ko‘rsatadi.
Biroq dushanba kuni kechasi qilgan murojaatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning "yangi hujumlarga tayyorgarligi" haqida gapirdi — bu Sumidagi voqealarga ishora sifatida qabul qilindi.
Ukrainada front chizig‘ini kuzatib boradigan "Deep State" guruhi esa Hrihorov bayonot berishidan avvalroq to‘rtta qishloqni Rossiya to‘liq nazoratida deb belgilagan edi.
"Deep State" asoschilaridan biri Roman Pohoriliyning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari bu hududlarda mart oyidan beri bosim o‘tkazib kelmoqda.
Ukrainalik harbiy kuzatuvchi Kostyantin Mashovets ham bu ma’lumotni tasdiqladi, biroq uning aytishicha, Rossiyaning ilgarilashi juda sekin — oxirgi ikki haftada taxminan 1 km bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva yaqinda Donbassdan yangi qo‘shinlarni Sumiga ko‘chirgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Sumi mudofaasiga mas’ul quruqlik qo‘shinlari bo‘linmasi vakili, polkovnik Vadim Misnikning ta’kidlashicha, Rossiyaning hujumlari asosan mototsikllar va yengil mashinalarda harakatlanuvchi kichik guruhlar orqali amalga oshirilmoqda.
Katta zirhli texnikalar dronlar orqali tezda aniqlanib, yo‘q qilinishi mumkin, deb tushuntiradi polkovnik Misnik. Jang maydonida tezlik va manyovr muhim omil hisoblanadi.
Shu bilan birga, Sumi viloyati muntazam ravishda Rossiya havo hujumlari va artilleriya o‘qi ostida qolmoqda. Viloyat ma’muriyatining xabar berishicha, shanba kundan beri Rossiya bu hududga 30 dan ortiq boshqariluvchi aviabomba tashlagan.
O‘tgan oyda sodir bo‘lgan eng yirik hujumda ballistik raketalar Sumi shahrini urgan, 34 kishi halok bo‘lgandi. Bir necha hafta o‘tib, dron hujumi natijasida shaharlararo avtobusni o‘qqa tutgan va 9 kishi halok bo‘lgan.
Polkovnik Misnikning ta’kidlashicha, Rossiya aholi o‘rtasida qo‘rquv va sarosima uyg‘otish uchun turar joy binolari, kasalxonalar va fuqarolarga tegishli transport vositalarini nishonga olmoqda. Rossiya esa bu da’volarni rad etadi va hujumlar faqat harbiy ob’ektlarga qaratilganini aytib keladi.
Mahalliy hokimiyatlarning ma’lum qilishicha, front chizig‘iga yaqin joylashgan 202 ta aholi punktida evakuatsiya ishlari olib borilmoqda — bu viloyatdagi barcha hududiy jamoalarning uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Nafaqadagi polkovnik va harbiy tahlilchi Sergiy Grabskiy Sumidagi hujumlar Moskva tomonidan "bufer zona" yaratish rejasining bir qismi ekanini tasdiqladi.
Uning aytishicha, Rossiyaning asosiy strategik maqsadi — sharqdagi Donbass hududini to‘liq egallash. U yerda hozir eng keskin janglar ketmoqda.
Grabskiyning ta’kidlashicha, Rossiya mavjud kuchlari bilan shimolda keng ko‘lamli hujum qila olmaydi. U Sumi viloyatini "chalg‘itish mintaqasi" deb atadi — ya’ni Rossiya bu orqali Ukraina qo‘shinlarini bo‘lib, asosiy frontlardagi kuchlarni zaiflashtirmoqchi.
AQShda joylashgan "Urushni o‘rganish instituti" (ISW) tahlil markazining ma’lum qilishicha, Sumidagi har qanday muvaffaqiyat Putin tomonidan keyingi sulh muzokaralarida siyosiy bosim va yangi hududiy talablar uchun bahona sifatida foydalanilishi mumkin.
Shunga qaramay, kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, hozircha Sumida katta muvaffaqiyat yoki hal qiluvchi hujum tahdidi yo‘q.
Rossiyaning hozirgacha ilgarilash sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin kelajakda Sumi kabi yirik shaharni egallab olish ehtimoli juda past. Bosqindan oldining uning aholisi 250 ming edi.
"Deep State" vakili Pohoriliyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari front chizig‘ini barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. "Rossiya Sumi viloyatida amaliyot boshlaganiga qariyb uch oy bo‘ldi, ammo ular hali ham chegara hududlaridan uzoqlashgani yo‘q," dedi u.
Polkovnik Misnik Ukraina 2022 yildan beri butun chegara bo‘ylab mudofaa chiziqlarini qurganini va hozir bu chiziqlar Rossiya hujumini to‘xtatishda avvalgiga qaraganda ancha samarali ekanini ta’kidladi.
Biroq, agar Kremlning ustuvor maqsadlari o‘zgarib, Moskva Sumiga ko‘proq qo‘shin yuborsa, bu choralar yetarli bo‘lmasligi mumkin.