Video: Chumoli uyasidagi hodisalar nimasi bilan odamlar dunyosini eslatadi?
- Author, Subagunam Kannan, Vishnuprakash Nallatambi
- Role, BBC
Tadqiqotchilar keng tarqalgan jigarrang turdagi chumolilarda – Floridadagi daraxtxo‘r chumolilarda hayratlanarli hodisani kuzatishdi. Yangi tadqiqotda bir guruh olimlar ushbu chumolilar o‘z sherigining hayotini saqlab qolish uchun uning oyog‘ini qanday kesib tashlashini qayd etishdi.
"Bu hayvonot olamida birinchi marta boshqa chumolining hayotini saqlab qolish uchun uning tanasining bir qismini olib tashlashini kuzatishimiz,"deb yozadi Vyurtsburg universitetining xulq-atvor ekologi va tadqiqotning yetakchi muallifi Erik Frenk.

Surat manbasi, Getty Images
Tadqiqot hayvonlar orasidagi jarrohlik aralashuvining yangi holatini ko‘rsatib, altruistik xulq-atvorning misli ko‘rilmagan darajasini ta’kidlaydi.
Garchi chumolilar koloniyalarida ilgari ham yarador birodarlarini parvarish qilish va koloniyani himoya qilish uchun o‘z hayotini qurbon qilish holatlari qayd etilgan bo‘lsa-da, ekspertlar ta’kidlashicha, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hayotni saqlab qoluvchi aralashuvning birinchi hujjatlashtirilgan namunasidir.
Quldor chumolilarning o‘zlari qul qilib olgan chumolilar bilan hech qanday aloqasi yo‘q; ular shunchaki qo‘lga tushgan chumolilardan koloniyasiga xizmat ko‘rsatishda foydalanadi.
Tadqiqotchilar allaqachon chumolilar jamiyatlari va insoniyat jamoalari o‘rtasida, ayniqsa, ularning ijtimoiy tuzilishi va individlararo munosabatlarida hayratlanarli o‘xshashlikni qayd etishgan. Ushbu yangi kuzatuv chumolilarning xatti-harakatlari va ularning murakkab, fidokorona harakat qilish qobiliyati haqidagi tushunchamizga yangi qirra qo‘shadi.
Ostonada shiddatli kurash
Chumolilar koloniyalarida inson xatti-harakatlariga o‘xshash xilma-xil xulq kuzatiladi. Ba’zi turlar barg va tayoqchalarni yig‘ib, ularda qo‘ziqorin o‘stiradi va iste’mol qiladi.
Bir kuni uyim ostonasida bir chumoli boshqa chumolining boshini o‘z mo‘yloviga qo‘yib, jonsiz tanani oyoqlari bilan sudrab ketayotganini ko‘rib qoldim.
Bangalordagi Ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari uchun Ashoka jamg‘armasi entomologi doktor Priyadarshan Dharmarajanning aytishicha, agar chumolilar turli uyalardan bo‘lsa, bir turdagi chumolilar o‘rtasida ham ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin.
Eng qiziqarli chumoli turlari orasida qul saqlovchi chumolilarni eslash mumkin – ular o‘z koloniyalarida qul sifatida yetishtirish uchun yosh lichinkalarni o‘g‘irlash maqsadida boshqa turlarning uyalariga bostirib kirishadi.

Surat manbasi, Subagunam Kannan / BBC
"Quldor chumolilarning o‘zlari qul qilib olgan chumolilar bilan hech qanday aloqasi yo‘q; ular shunchaki qo‘lga tushgan chumolilardan o‘z koloniyasiga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanadilar," deydi Goadagi Aranya ekologik tadqiqotlar markazi entomologi doktor Baydiya.
Ularning asosiy maqsadi raqobatchi koloniyalar resurslarini talon-taroj qilishdir.
"Bunday janglarda hujumga uchragan koloniya chumolilari o‘z uyalarini qattiq himoya qiladi. Biroq, agar bosqinchi chumolilar ona chumolilarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lsa, qo‘riqchilar va ishchi chumolilar qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi va koloniya amalda taslim bo‘ladi," deydi Ashoka jamg‘armasi ilmiy xodimi Saxanashri.

Surat manbasi, Getty Images
Chumolilarning ijtimoiy tuzilishi
Chumoli uyalarida ona chumolilar, erkaklar, ishchi va askar chumolilar yashaydi. Ularning har biri turli vazifalarni bajaradi.
Chumolilar koloniyalarida aksariyat chumolilar urg‘ochi bo‘lsa-da, faqat ba’zilari ko‘payish qobiliyatiga ega. Ularni ona chumolilar deb ataladi.
Koloniyada yashovchi erkaklar soni kam bo‘lib, ularning yagona maqsadi ona chumoli bilan juftlashishdir. Ona chumolining qo‘lga olinishi koloniya tugashiga olib kelishi mumkin.
"Ona chumoli koloniyani shakllantirish va saqlash uchun zarur. Agar u halok bo‘lsa, koloniya xavf ostida qoladi. Shuning uchun boshqa chumolilar ko‘pincha hayotini xavf ostiga qo‘yib, bosqin paytida uni himoya qilishadi," deydi doktor Baydiya.
Ko‘payish mavsumi oldidan ona chumoli va erkaklar nikoh parvozida ishtirok etish uchun o‘z uyalarini tark etadilar. Bu juftlashish marosimi davomida ona chumoli havoda boshqa koloniyadan erkakni tanlaydi. Juftlashgandan so‘ng, ona chumoli yerga qo‘nadi, qanotlarini tashlaydi va yer ostida yangi uya quradi, u yerda tuxum qo‘ya boshlaydi. Tuxumdan ishchi chumolilar chiqadi, ular yangi koloniyani kengaytirishga yordam beradi.
Bu jarayon koloniyaning mavjudligini davom ettirishda ona chumolining muhim rolini ko‘rsatadi va uning qo‘lga olinishi butun koloniyaning qulashiga olib kelishi mumkin.

Surat manbasi, Subagunam Kannan / BBC
Koloniyalardagi ierarxiya
Chumoli koloniyalarida aniq ierarxiya bor, bunda chumolilarning har xil turlari turli rollarni bajaradi.
"Chumolilarning muloqot usullari nihoyatda murakkab, – deb tushuntiradi doktor Baydiya. – Ushbu usullar ularning ijtimoiy tabiati bilan birgalikda nima uchun chumolilar koloniyani himoya qilish uchun o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor ekanligini tushuntiradi."

Chumolilar koloniya farovonligini yolg‘iz yashashdan ustun qo‘yib, jamoaviy manfaatga amal qiladi.
Doktor Baydiya shunday tushuntiradi: "Barcha tirik organizmlarning asosiy maqsadi sog‘lom nasl qoldirish va o‘z genlarini davom ettirishdan iborat. Chumolilar koloniyalarida barcha chumolilar o‘z genetik tarkibining taxminan 75 foizi umumiy opa-singillardek bo‘lishadi. Ona chumoli yagona ko‘payuvchi organizm bo‘lib, koloniyaning kelajagi uning tuxumlariga bog‘liq."
"Shunday qilib, ishchi va askar chumolilar ona chumolini oziqlantirish va himoya qilish, lichinkalarni tarbiyalash va yangi chumolilarning rivojlanishiga rahbarlik qilishga e’tibor qaratishadi," deya qo‘shimcha qiladi u.
Koloniyaning omon qolishiga bunday sadoqatdan nima uchun chumolilar bosqin paytida favqulodda choralar ko‘rishi, hatto hayotini qurbon qilishi mumkinligini tushunish mumkin.

Surat manbasi, Subagunam Kannan / BBC
Chumolilar qanday muloqot qiladi?
Muloqotda va yashashda chumolilar ko‘p jihatdan sezgir mo‘ylovlariga tayanadi. Bu mo‘ylovlar – boshda, ko‘z tepasidan o‘sib chiqqan ikkita nozik tuzilma – kundalik faoliyatda juda muhim rol o‘ynaydi.
Masalan, chumoli yolg‘iz o‘zi uddalay olmaydigan katta ozuqa manbasini topsa, uning joyini feromonlar bilan belgilaydi. Ushbu kimyoviy iz boshqa koloniya a’zolarini oziq-ovqat to‘planadigan joyga yo‘naltiruvchi GPS tizimi kabi ishlaydi.
"Agar chumolilar mo‘ylovlarini yo‘qotsa, ular mo‘ljal olish, muloqot qilish va xavfni sezish qobiliyatini yo‘qotadi. Aslida, mo‘ylovlar chumolilarning yashashi uchun juda muhimdir," deydi doktor Dharmarajan.

Surat manbasi, Subagunam Kannan / BBC
Koloniyani qanday boqish kerak
Chumolilar boshqa chumolilarni jalb qilish, ozuqani xavfsiz joyga olib borish va keyin butun guruh bo‘lib ovqatlanish uchun o‘ziga xos usuliga ega.




Ushbu ajoyib muloqot tizimi chumolilar jamiyati hayoti murakkabligini yaqqol ko‘rsatadi.