O‘zbekiston va dunyo: Insoniyat tarixida o‘tgan eng muhim shaxs kim?

Surat manbasi, Getty Images
Arastu tarixda yashab o‘tgan eng ta’sirli shaxs bo‘lishi mumkinmi? Britaniyalik faylasuf Jon Sellars, shubhasiz, shunday deb hisoblaydi.
Qadimgi yunon mutafakkiri ta’siri juda keng qamrovli bo‘lgani, singib ketganidan dunyomizning qanchalar uning g‘oyalari bilan shakllanganini deyarli payqamaymiz, deb ta’kidlaydi Sellars.
Siyosatdan tortib ilm-fangacha, adabiyotdan mantiqqacha – Arastuning ta’siri har joyda ko‘zga tashlanadi. U dengiz jonzotlarini o‘rganib, biologiyaga asos soldi. Turli siyosiy tizimlarni tekshirib, siyosatshunoslikka yo‘l ochdi. Uning "Poetika" asaridagi hikoya tahlilining hamon zamonaviy kinoda izlari bor. Mantiqda esa uning mulohaza yuritish tamoyillari falsafadan tortib raqamli davrgacha bo‘lgan barcha sohalar uchun poydevor yaratdi.
London universiteti Qirollik Hollouey professori Sellars o‘z da’vosi ancha dadil ekanligini tan oladi. Biroq uning Arastuning ta’siri tengsiz ekanligi haqidagi fikri qat’iy. "U bizning fikrlash tarzimizni shakllantirdi," deydi u.
Dadil da’vo
Arastu nafaqat barcha zamonlarning eng buyuk faylasufi, balki u tarixda yashab o‘tgan eng muhim insondir.
"Antigone" jurnali uchun yozgan maqolasida Sellars shunday fikr bildiradi: "Arastu nafaqat barcha zamonlarning eng buyuk faylasufi, balki u tarixda yashab o‘tgan eng muhim insondir."
Bu favqulodda da’vo bo‘lib, u o‘zining "Arastu: dunyoning eng buyuk faylasufini tushunish" kitobida uni yanada chuqurroq tahlil qiladi.

Surat manbasi, Getty Images
"Falsafani o‘rganishni boshlaganimda, Arastuning muhimligini bilardim, lekin u menga zalvorli tuyulardi," deya eslaydi Sellars. "Har safar uni o‘qishga uringanimda, adashib qolardim."
Vaqt o‘tishi bilan u Arastuni o‘qish sabr-toqat talab qilishini tushundi. "Uni qanday o‘qishni bilish kerak, – deydi u. – Sekin-asta."
Uning kitobidan ko‘zlangan maqsad ham o‘quvchini Arastu g‘oyalari bo‘ylab yo‘naltirish va uning davomli ta’siri qanday bo‘lganini ko‘rsatib berishdir.
Ilmga bag‘ishlangan hayot
Arastu Suqrot va Aflotun bilan birga klassik falsafaning uch darg‘asidan biri. Yunoniston shimolida tug‘ilgan Arastu 18 yoshida Afinaga Aflotun akademiyasida ta’lim olish uchun ko‘chib o‘tadi va u yerda 20 yil davomida ham talaba, ham muallim sifatida faoliyat yuritadi.
Aflotunni hurmat qilishiga qaramay, Arastu o‘z qarashlarini shakllantirdi. Ustozi vafotidan so‘ng Afinani tark etib, Lesbos orolida tabiatni o‘rganishga kirishdi. Uning shuhrati ortib bordi va keyinchalik uni Makedoniya shohi Filipp o‘g‘li Aleksandrga murabbiylik qilishga da’vat etdi.

Surat manbasi, Getty Images
Aleksandr o‘z yurishlarini boshlagach, Arastu Afinaga qaytib, o‘z maktabi – Litseyga asos soldi. U umrining so‘nggi yillarini dars berish, yozish va tadqiqot o‘tkazish bilan o‘tkazdi va 62 yoshida vafot etdi.
Garchi uning asarlarining faqat bir qismi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, bu million so‘zga yaqin - favqulodda boy intellektual merosdir.
Ilmiy tafakkur sohibi
Arastu nafaqat faylasuf, balki ilk olimlardan biri ham edi.
Mikroskoplar va genetikadan ancha oldin u tabiiy dunyoni tizimli ravishda o‘rganib, hayvonlar va o‘simliklarni shunday tasnifladiki, natijada biologiya fan sifatida shakllanishiga zamin yaratdi.
Albatta, uning ba’zi xulosalari keyinchalik noto‘g‘ri ekanligi aniqlandi. Ammo Sellars Arastuning haqiqiy yutug‘i uning metodida ekanligini ta’kidlaydi – u oldindan shakllangan g‘oyalar emas, balki kuzatuv va dalillar tushunishga asos bo‘lishi kerakligini uqtirgan.
Bu tamoyil zamonaviy fanning negizida turibdi.

Surat manbasi, Getty Images
Siyosat va adabiyotdagi meros
Arastu siyosatga ham xuddi shunday tizimli yondashuvni qo‘llagan.
U ba’zi jamiyatlarning gullab-yashnashiga, boshqalari esa inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘lgan omillarni tushunish uchun turli shahar-davlatlar konstitutsiyalarini to‘plagan va taqqoslagan. Bu usul shaxsiy fikrga emas, balki dalillarga asoslangan bo‘lib, ijtimoiy fanlar paydo bo‘lishiga turtki berdi.
Uning adabiyotga ta’siri ham shunchalik kuchli edi. "Poetika" asarida u yunon dramasini tahlil qilib, hikoyalarni muhim unsurlarga – boshlanish, o‘rta va yakunga ajratdi. Bu tuzilma bugungi kunda ham filmlar va kitoblarni shakllantirishda qo‘llanadi.

Surat manbasi, Getty Images
Mantiq va etika otasi
Arastuning mantiqqa oid ishlari uning eng uzoq davom etgan hissalaridan biri bo‘ldi.
U asosiy tamoyillarni, jumladan, har qanday ta’kid yo to‘g‘ri, yo noto‘g‘ri bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdi – biz hozirda buni Uchinchisi istisno qonuni deb ataymiz. Bu oddiy, ammo kuchli tushuncha falsafiy munozaralardan tortib kompyuterlar zamirida yotgan ikkilik kodgacha bo‘lgan barcha narsaga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Arastu hayotning eng muhim savollaridan biriga ham javob berishga harakat qilgan: biz qanday yashamog‘imiz lozim?
"Nikomah etikasi" asarida u insonlar aql, ijtimoiy aloqalar va aqliy qiziqishni muvozanatda saqlasa, yaxshi yashashi mumkinligini ta’kidlagan. Uning fikricha, yaxshi hayot – bu o‘zni nazorat qilishni rivojlantirish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish va bilim izlashdan iborat.
Biz hozir sezmayotgan ta’sir
Sellarsning fikricha, Arastu g‘oyalari zamonaviy tafakkurga shu qadar chuqur singib ketganki, biz ularni hatto payqamaymiz.
"Uning tushunchalari hamma joyda mavjud, – deydi u, – ammo biz ularni tabiiy holdek qabul qilamiz."
Xo‘sh, Arastu tarixdagi eng muhim shaxs bo‘lganmi?
Sellars bu borada kuchli asoslar keltiradi. Ammo oxir-oqibat, Arastu shunchaki buyuk mutafakkir bo‘lganmi yoki Sellars ta’kidlaganidek, tarixning eng muhim insoni bo‘lganmi, buni o‘quvchining o‘zi hal qilsin.