Rossiya saflarida jang qilgan asirdagi fuqarolar Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi Video

Surat manbasi, "Хочу жить"
Ukrainaning "Xochu jitь" loyihasi Rossiya qo‘shinlari safida jang qilib, asirga tushgan O‘zbekiston fuqarolari deyilayotgan shaxslarning video murojaatini chop qildi.
Unda gapirgan odamlar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan faqat bir narsani ozod qilib, vatanga qaytishda ko‘maklashishini so‘ragan.
Loyihaning BBC O'zbek xizmatiga aytishicha, ayni damda Ukrainada asirga tushgan 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi hamda millati o‘zbek bo‘lgan 16 nafar Rossiya hamda Tojikiston fuqarolari mavjud.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
"Xochu jitь"ning ta’kidlashicha, bu shaxslar Rossiya tomonidan aldangani va tashlab qo‘yilganidan shikoyat qilgan. Ular asirlarni almashishi loyihasiga qo‘shmayotgani uchun Rossiya hukumatidan norozi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov BBC ga
"Hozirda bu videoni to‘g‘riligi va u yerda ko‘rsatilgan odamlaring O‘zbekiston fuqarolari ekanligi to‘g‘risida aniq tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas", deb javob berdi.
Oldinroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Razvedka boshqarmasi qoshidagi "Xochu jitь" loyihasi Rossiya harbiylari safida jang qilayotgan yoki qilgan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgandi.
30 aprel: Ukraina: Rossiya armiyasida jang qilayotgan mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxati chiqdi.

Surat manbasi, EPA
Ukraina hukumatining "Yashashni istayman" loyihasi Rossiya tarafidan turib jang qilayotgan o‘zbekistonliklarga oid raqamlarini e’lon qildi.
Unga o‘zi O‘zbekiston fuqarolari, deb aytayotgan shaxslarning ro‘yxatini ham tirkagani ko‘rildi.
Yangi raqamlar
Ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarosi ekanliklari aytilib, Rossiya qurolli kuchlari bilan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolagan 1110 nafar shaxsning ismi, sharifi, tug‘ilgan sanasi va shaxsiy raqami keltirilgan.
Xabarda aytilishicha, bu ro‘yxat to‘liq emas va etnik o‘zbeklarni qo‘shib hisoblaganda ularning soni bir necha ming bo‘lishi mumkin.
Ro‘yxatdagi kamida 109 kishi janglarda halok bo‘lgani aytilgan. Ularning eng yoshi 21 yashar, eng yoshi ulug‘i 62 ga to‘lgan bo‘lgan. Yollanganlarning bir nafari shartnoma imzolagach 8 kundan so‘ng o‘lgan.
"Yashashni istayman" Ukraina Mudofaa vazirligi va razvedka boshqarmasi yordamida tuzilgan davlat loyihasidir.
"Xochu jitь" bu ma’lumotlarni qanday qilib qo‘lga kiritgani va aniqlik kiritgani tafsilotlariga to‘xtalmagan.
Ukraina tomonidan e’lon qilingan so‘nggi raqamlarga O‘zbekiston va Rossiya tomonining ham munosabati halicha imkonsiz.
Bi-bi-si urush sharoitida raqib tomonlarning berayotgan bu qabila ma’lumotlarini mustaqil manbalar orqali tasdiqlashga imkonsiz.
Loyiha ro‘yxatni Rossiya harbiylari ichidagi manbalaridan olishini ta’kidlaydi, ammo ularning qanchalik ishonchli va bu ma’lumotlarga imkonli ekani ma’lum emas.
"Xochu jitь"ning ta’kidlashicha, bu harbiy asirlar ro‘yxati emas.
Bu Rossiya tarafida turib, Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ro‘yxatidir.
"O‘zbeklarni Rossiya Qurolli kuchlari saflariga yollash tojiklarnikiga o‘xshab ketadi: O‘zbekistondan migrantlar oqimi susayay demaydi, Rossiya davlati esa, ularni "to‘p yemi" sifatida qo‘llashdan faqat xursand", - deydi loyiha.
"Xochu jitь"ga ko‘ra, Markaziy osiyoliklar o‘zlarining hukmlariga aylanuvchi hujjatga imzo chekishga reydlar va deportatsiya tahdidlari bilan undalishadi.
Ayni o‘rinda loyiha turli xil imtiyozlarga oid takliflarni tilga olmagan.
Rossiya Ukraina urushi manzarasida ham o‘zbekistonliklar uchun eng yirik mehnat bozoriligicha qolayotgan davlat bo‘ladi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Ukraina urushi va Markaziy osiyoliklar
O‘zbekistondan migrantlar oqimi susayay demaydi, Rossiya davlati esa, ularni "to‘p yemi" sifatida qo‘llashdan faqat xursand.
Bungacha loyiha Rossiya armiyasi saflarida jang qilayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus fuqarolarining ro‘yxatini chop qilgandi.
Rossiya tomonda jang qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari hozircha ushbu ro‘yxatlar ichida eng ko‘pi bo‘lib turibdi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshidanoq O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el Qurolli kuchlari saflariga yollanmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, ularning yollanma askarlarga nisbatan siyosati ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda, deydi mazkur loyiha.
"Xochu jitь" buning sababini, "mahalliy qonunlarda yollanish 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutishi, 2023 yildan beri mahalliy sudlar Rossiya Qurolli kuchlarining yollanma askarlariga bir nechta hukm chiqargani, lekin ayblanuvchi o‘nlab ukrainaliklarni o‘ldirganini tan olsa ham, ularning aksariyati...shartli jazo yoki ozodlikni cheklash ekani" bilan izohlaydi.
O‘zbekiston qonunlarida boshqa davlatda jangga yollangan fuqarolarga 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida yollanishga taalluqli ikki modda mavjud.
154-moddada begona urushda moddiy manfaatdorlik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab ishtirok etish nazarda tutilgan bo‘lsa, 154-1-moddada o‘zga davlatning armiyasi, huquq-tartibot organlari va boshqa xizmatlari safiga kirish haqida gap ketadi, ya’ni bu moddada begona urushdagi jang harakatlarida ishtirok etish tilga olinmagan.
154-moddada ko‘zda tutilgan harakatlar uchun beriladigan jazo anchayin og‘ir – kamida besh yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.
154-1-modda bilan ayblanganlar esa jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.
Shu vaqtgacha jurnalistlarga Rossiya tomonidan turib jang qilganlik bo‘yicha 4 o‘zbekistonlikning mahkamaga tortilgani ma’lum. Ularning birortasiga ham qamoq jazosi qo‘llanilmagan.
Bu shaxslar nisbatan yengil bo‘lgan ozodlikni cheklash jazosi bilan qutilib qolgan. Ozodlikni cheklash O‘zbekistonda uy qamog‘ining bir turi ekanligi aytiladi. Uy qamog‘iga olinganlarning ichida 10 nafar Ukrain harbiysini o‘ldirganini tan olgan erkak ham bor. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudi ismi oshkor qilinmagan erkakni o‘tgan yilning dekabrida 4 yilu 2 oyga ozodlikdan cheklagandi.
O‘zbekiston rasmiylari Ukraina tomoni e’lon qilgan ro‘yxat bo‘yicha hozircha munosabat bildirmadi, ammo rasmiylar urushga yollanish O‘zbekiston qonunlariga zidligini aytib bir necha marotaba ogohlantirishgan.
Markaziy osiyoliklarning Rossiya tomonidan Ukraina urushiga qanday va qanchalik yollanayotgani so‘nggi yillarda mahalliy faollar va huquqbonlarning jiddiy xavotirlariga molik masalalardan biri bo‘ladi.
Qarshi tomon bo‘lmish Rossiya Mudofaa vazirligining so‘nggi bor 2022 yil kuzida yangilangan statistikasida Ukraina tomonida faqat bir o‘zbekistonlik yollanma jangari borligi ko‘rsatilgan.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlat fuqarolarini imkoni boricha Rossiya Qurolli kuchlari saflariga tushib qolmaslik, jang jabhasiga yuborilgan taqdirlarida esa, "Xochu jitь" loyihasiga murojaat qilishga ham chaqirgan.

Surat manbasi, Reuters
Ukrainaning "Men yashashni xohlayman" loyihasi Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga jalb qilingan Tojikiston fuqarolari haqida ma’lumot e’lon qildi. Ularning ichida urushga borgach, 7 kunning ichida halok bo‘lgan 70 yashar otaxon ham bor.
Loyihaning telegram-kanalida e’lon qilingan ro‘yxatda 931 nafar tojikistonlikning ismi keltirilgan bo‘lib, ulardan 196 nafari halok bo‘lgani qayd etilgan.
"Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan fuqarolar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Bizdagi ro‘yxatda 2025 yil boshigacha 931 kishi bor. Va bu faqat bizga ma’lum bo‘lganlar," — deyiladi rasmiy xabarda.
Ukraina rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ularning kamida 196 nafari halok bo‘lgan. Aslida esa halok bo‘lganlar soni bundan ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Eng yosh qurbon 18 yosh bo‘lgan, eng keksasi esa 70 yoshda. U shartnoma imzolaganidan bor-yo‘g‘i 7 kun o‘tib halok bo‘lgani aytilgan.
Loyiha ma’lumotlarini tadqiq qilgan Asiaplustj.info nashrining yozishicha, tojikistonlik yollanma askarlarning urushdagi o‘rtacha hayot davomiyligi 140 kunni tashkil qiladi.
Loyihada ta’kidlanishicha,: "Bu asirlar ro‘yxati emas. Bu Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yoki qatnashayotgan Tojikiston fuqarolari ro‘yxati".
Xabarlarda aytilishicha, ko‘plab markaziy osiyolik fuqarolar armiyaga aldov, bosim yoki deportatsiya tahdidi ostida jalb etilgan. Ular Rossiya hududida noqonuniy bo‘lganlari sababli, harbiy komissarlar uchun "ideal nishon" bo‘lgan.
"Men yashashni xohlayman" — Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan davlat loyihasi bo‘lib, Rossiya va Belarus harbiylari hamda mobilizatsiya qilinganlar uchun tinch yo‘l bilan taslim bo‘lish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Avvalroq ushbu loyiha Ukrainada urushda qatnashgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ro‘yxatini ham e’lon qilgandi. Buning ortidan Qozog‘istonning Ukrainadagi konsullari ukrain harbiy asirlar masalalari bo‘yicha koordinatsiya shtabi vakillari bilan uchrashib, Ostona har bir holatni diqqat bilan kuzatishini ma’lum qilgan.
Qozog‘iston IIV o‘z fuqarolarini xorijdagi urushlarda qatnashish jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkinligidan oldindan ogohlantirgan.
Tojikiston hukumati fuqarolarining Ukrainadagi urushdagi ishtiroki haqida rasmiy bayonotlari deyarli bermagan. Faqat 2023 yil avgust oyida IIV rahbari Ramazon Rahimzoda ilk bor bu haqda gapirib, Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tagan 100 ga yaqin tojik fuqarosi urushga yuborilganini aytgan, deb yozadi Asiaplustj.info.
U shuningdek, Rossiya tomoni bu haqda Tojikistonga ma’lumot bermayotganini, chunki ikki davlat o‘rtasida bunday ma’lumot almashishni nazarda tutuvchi kelishuv yo‘qligini qayd etgan.
Nashrning qayd etishicha, Tojikiston fuqarolari urushga majburan emas, balki ixtiyoriy ravishda ham ketmoqda. Ba’zilari Rossiya Qurolli Kuchlari safiga qo‘shilsa, boshqalari RF fuqaroligi, katta to‘lovlar va imtiyozlar va’dasiga aldonib, shartnoma imzolagan.
Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tojikiston Jinoyat kodeksida ushbu jinoyat uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini nazarda tutadi.
Biroq shu vaqtgacha Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etganlikda ayblanib hech kim jazoga tortilmagan.
13 yanvar: Ukraina urushi va O‘zbekiston: "Yengil" hukmlar urushga qatnashishga rag‘batlantirmaydimi?

Surat manbasi, Videograb/Social media
Oxirgi paytda Ukraina urushi bilan bog‘liq O‘zbek rasmiylari javob bermayotgan yoki berolmayotgan savollar ko‘paydi: Ukrainada qancha o‘zbekistonlik o‘ldi? Nega O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini Ukraina urushiga yollayotgan Rossiya rasmiylariga norozilik bildirmaydi? Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun O‘zbekistonda sudlangan shaxslar soni qancha va nega ba’zilariga "engil" jazo berilayapti? Hukumat o‘zbekistonliklar Ukraina urushiga yollanishi oldini olish uchun nima qilayapti?
Rossiya hukumati bugun o‘z hududida yurgan minglab mehnat migrantlari qatori o‘zbekistonliklarni ham urush domiga tortishga zo‘r berayotgani yangilik emas.
Boshqa davlatlar fuqarolari nega bu urushda qatnashishga qaror qilayotgani yoki majbur bo‘layotgani sabablari ham o‘tgan qariyb uch yil ichida juda ko‘p yoritilgan.
Qisqacha aytganda, boshqa markaziy osiyoliklar qatori o‘zbekistonliklar ham bosim, majburlov, aldovdan tortib, moddiy rag‘bat, Rossiya pasportini olish, qamoqdan ertaroq ozod bo‘lish ilinji hamda mafkuraviy sabablar ortidan Ukraina urushiga qo‘shilayaptilar.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 3
Ukraina urushida o‘lgan o‘zbek
2025 yildan Rossiyadagi nolegal migrantlarning go‘yoki hujjatlarini qonuniylashtirib olishlari uchun muhlat berildi, bunda ham urushda qatnashganlar uchun qator "imtiyozlar" va’da qilinayapti.
Ukrainadagi urushda qancha o‘zbekistonlik qatnashgani yoki qatnashayotgani ma’lum emas. Bu haqda aniq raqam yo‘q. Buni faqat ochiq, yarim rasmiy va ko‘p hollarda tasdiqlanmagan ma’lumotlardan chamalash mumkin, xolos.
O‘tgan yili yozida Rossiya rasmiylari fuqarolik olganiga ko‘p bo‘lmagan 10 ming nafar mehnat migranti urushga yuborilganini aytgan bo‘lsa, noyabr oyiga kelib Rossiya tomonida jang qilgan 3000 dan ziyod xorijlikka fuqarolik berilgani ma’lum bo‘lgan. Bu shaxslarning millati haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
O‘zbekiston hukumati vaqti-vaqti bilan o‘z fuqarolarini bu urushda ishtirok etmaslikka chaqirib turadi, ammo jang harakatlarida qatnashgan va qatnashayotgan o‘zbekistonliklarning soni bo‘yicha hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot bermagan.
Rasmiy raqamlar mavjud bo‘lmasa-da, Rossiya armiyasi safida urushda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklar sonini asosan uch yo‘l orqali chamalash mumkin: Ukraina tomonidan olingan asirlar, shaxsi tasdiqlangan halok bo‘lgan yollanma jangarilar va urushda ishtirok etgani ortidan sudlanganlar soni orqali.
Qarshi tomon bo‘lmish Rossiya Mudofaa vazirligining so‘nggi bor 2022 yil kuzida yangilangan statistikasida Ukraina tomonida faqat bir o‘zbekistonlik yollanma jangari borligi ko‘rsatilgan.

Surat manbasi, poteru.net
Ukraina esa shu vaqtga qadar Rossiya tomonida jang qilgan va asirga tushgan o‘zbekistonliklar haqida ikki bor xabar bergan. Ammo halok bo‘lgan va shaxsi tasdiqlangan o‘zbekistonliklar soni anchayin ko‘p. Masalan, Ukrainaning "Poteri" loyihasi shu vaqtga qadar urushda o‘lgan 20 ga yaqin o‘zbekistonlik shaxsini tasdiqlagan.
Bi-bi-si Rus xizmati yuritib kelayotgan Rossiya tomonida jang qilib o‘lganlar ro‘yxatida o‘tgan yil sentyabr oyi holatiga ko‘ra, 47 nafar o‘zbekistonlik mavjud. Eslatib o‘tamiz, bu faqatgina Bi-bi-si tomonidan shaxsi aniqlangan halok bo‘lganlar soni, xolos. Shaxsi aniqlangan o‘lganlar soni esa 88 mingdan ziyod.
Bi-bi-si 2024 yil dekabr oyi o‘rtasigacha qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar tahlilidan kelib chiqib, Rossiya tomoni yo‘qotishlari soni 128 mingdan 185 ming nafargacha bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati shu vaqtga qadar ikki o‘zbekistonlik Ukrainadagi janglarda halok bo‘lganini ma’lum qilgan xolos.

"Yollanish" bandining "engil" talqini
Ochiq ma’lumotlarga qaralsa, O‘zbekiston sudlari urush boshlanganidan beri Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan va ishtirok etishga qasd qilgan kamida 12 o‘zbekistonlik ustidan hukm o‘qigan.
O‘zbekiston urushga borgan fuqarolarini jazolamoqda. Lekin bu hukmlarga nazar tashlagan huquqiy savodxonligi haminqadar shaxsda ham turli savollar paydo bo‘ladi.
Nega?
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida yollanishga taalluqli ikki modda mavjud.
154-moddada begona urushda moddiy manfaatdorlik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab ishtirok etish nazarda tutilgan bo‘lsa, 154-1-moddada o‘zga davlatning armiyasi, huquq-tartibot organlari va boshqa xizmatlari safiga kirish haqida gap ketadi, ya’ni bu moddada begona urushdagi jang harakatlarida ishtirok etish tilga olinmagan.

Surat manbasi, .
O‘z-o‘zidan 154-moddada ko‘zda tutilgan harakatlar uchun beriladigan jazo anchayin og‘ir – kamida besh yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.
154-1-modda bilan ayblanganlar esa jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.
Gap nima haqida ketayotganini allaqachon tushungan bo‘lsangiz kerak.
Ochiq manbada turgan 12 hukmning bittasidan tashqari qolgan barchasida sudlanuvchilar Ukrainadagi janglarda bevosita ishtirok etgani isbotlangan va bunga iqror bo‘lgan bo‘lsa-da, yengilroq jinoiy band bilan ayblangan.
Sudlanganlarning faqat bittasi 6 yil, yana uchtasi 5 yil qamoq jazosi olgan.
Qolganlarga esa o‘rtacha uch yil qamoq va ozodlikdan cheklash jazolari tayinlangan.
Ozodlikdan cheklash, ya’ni uy qamog‘i jazosini olganlar ichida o‘z ko‘rsatmasida 10 ziyod ukrain askarini o‘ldirganini tan olgan erkak ham bor.

Surat manbasi, .
Mehnat muhojirlariga noto‘g‘ri signal
Ukrainadagi jangovar harakatlardagi ishtiroki uchun O‘zbekiston sudlari tomonidan javobgarlikka tortilgan shaxslarning jinoiy ishlari bilan tanishgan jurnalist Hulkar Murtazoeva aytishicha, o‘z ixtiyoriga qarshi, majburan urushga qatnashib O‘zbekistonga qaytgan shaxslarga og‘irroq, aksincha, o‘z ixtiyori bilan borib, urushda "jonbozlik ko‘rsatib" kelganlarga yengilroq jazo tayinlanishi kuzatilmoqda.
"O‘zbekistonda sudlar, huquqni muhofaza qilish idoralari aksariyat hollarda qonundan ko‘ra davlat siyosatini aks ettiradi, degan tendentsiya bor. Ko‘pincha huquqni muhofaza qilish idoralari sudga ayblov chiqarayotganda davlat pozitsiyasini hisobga oladi", deydi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

Surat manbasi, .
"Bu urushlarga nisbatan, umuman, geopolitikaga nisbatan O‘zbekiston hukumatining munosabati o‘ta ehtiyotkorona, o‘ta sezgir. Bu yerda yuqori jazolar berilayotgani yo‘q. Urushda qatnashgan fuqarolarimizga ko‘p hollarda ozodlikdan cheklash, qisqa muddatli qamoq jazolari berilayapti", deydi u.
"Menimcha O‘zbekiston hukumatining o‘zi ham bu bo‘yicha vaziyatni qarab turipti. Agar bu tendentsiya kuchayib boradigan bo‘lsa, jazoni yanada kuchaytirsa kerak", deydi Abdurahmon Tashanov.
"Urush boshlanganda ba’zi muhojirlarimizning Ukraina atrofida yurganliklarining ijtimoiy tarmoqlarda suratlari chiqdi. Kimdir maqtanib, kimdir ko‘rsatgandek bo‘ldi. Va O‘zbekiston hukumati tomonidan buning uchun jinoiy javobgarlik borligi haqidagi bir necha marta ogohlantirish bo‘lganidan keyin ular ma’lumotni qo‘ymay qo‘yishdi, yashirishdi, ommaviy axborot vositalariga intervyu bermay qo‘yishdi. Ya’ni, hamma ehtiyot bo‘lib qoldi. Endi hozirgi mana shu vaziyatda, mening fikrimcha, noto‘g‘ri signal berayapmiz. Ya’ni, "demak O‘zbekistonga borganda unaqa katta muammo yo‘q ekan, unda ancha-muncha - 30-40 ming dollar pul ishlab olishim mumkin, Rossiya fuqaroligini olishim mumkin. Shuncha daromad qilib kelaman-da, O‘zbekistonda ozodlikdan cheklash qo‘ydigan bo‘lsa, mayli, maza qilib yuraman", degan noto‘g‘ri signal berishimiz mumkin. Va bu judayam xavfli deb o‘ylayman", deydi Botirjon Shermuhammad.
Bi-bi-si O‘zbekiston Oliy Sudiga murojaat qilib, Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonliklar ustidan chiqarilayotgan hukmlar borasida o‘z savollarini berdi va javob kutmoqda.
Bi-bi-si bu mavzuda barcha tomonlar uchun ochiq ekanini yana bir bor eslatib o‘tadi.