O‘zga sayyoralardagi hayot va buning insoniyat uchun ahamiyati

galaktika ostidagi inson
O‘zga sayyoralardagi hayot va buning insoniyat uchun ahamiyati

Ba’zi ilmiy kashfiyotlar bilimlarimizni nafaqat kengaytiradi, balki koinotning ko‘lami va undagi o‘rnimizni ko‘rsatish orqali ruhiyatimizda ham tub o‘zgarishlar qiladi.

Shunday lahzalardan biri kosmik kema Yerning tasvirlarini birinchi marta yuborganda sodir bo‘lgan edi. Yana biri, K2-18b deb nomlangan sayyorada Yerdagi sodda dengiz organizmlari ishlab chiqaradigan gaznikiga o‘xshash belgilar topilgani o‘zga sayyorada hayotni kashf etishga bizni yanada yaqinlashtirdi.

Kashfiyotni amalga oshirgan jamoaga rahbarlik qilayotgan olim fikricha, haqiqiy o‘zga sayyoralik hayotni topish, ya’ni Koinotda yolg‘iz emasligimizni aniqlash imkoniyati yaqinlashmoqda.

"Bu fundamental savol va muhim masala, biz bu savolga javob topish arafasida turibmiz," deydi Kembrij universiteti Astronomiya instituti professori Nikku Madhusudhan.

Biroq, bularning barchasi yanada ko‘proq savollarni keltirib chiqaradi. Jumladan, agar boshqa dunyoda hayot topilsa, bu bizni biologik tur sifatida qanday o‘zgartiradi?

Uchar likopchalar va ilmiy-fantastik begona jonzotlar

Ajdodlarimiz qadimdan osmonda yashovchi jonzotlar haqida miflar to‘qishgan. XX asr boshlarida astronomlar Mars yuzasida to‘g‘ri chiziqli tuzilmalarni ko‘rganlari haqida xabar berishdi. Bu eng yaqin qo‘shni sayyoralarimizdan birida rivojlangan sivilizatsiya mavjudligi to‘g‘risidagi taxminlarga olib keldi va uchar likopchalar hamda kichik yashil mahluqlar haqidagi boy ilmiy-fantastik madaniyatni yuzaga keltirdi.

Aloqador mavzular:

Bu G‘arb hukumatlari kommunizm tarqalishidan qo‘rquvda yashayotgan davr edi. Shu bois, koinotdan kelgan mehmonlar ko‘pincha umid emas, balki xavf-xatar keltiruvchi tahdid sifatida tasvirlangan.

Biroq, o‘nlab yillar o‘tib, o‘zga dunyodagi hayotning "hozircha eng ishonchli dalillari" Mars yoki Veneradan emas, balki yuzlab trillion kilometr olisdagi yulduz atrofida aylanayotgan sayyoradan topildi.

NASAning hisob-kitobiga ko‘ra, shalaktikamizda kamida 100 milliard sayyora bor

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, NASAning hisob-kitobiga ko‘ra, shalaktikamizda kamida 100 milliard sayyora bor

O‘zga sayyorada hayot mavjudligini o‘rganishdagi qiyinchiliklardan biri qayerga qarashni aniqlashda.

Yaqin vaqtgacha NASAning hayot izlash sa’y-harakatlari asosan Marsga qaratilgan edi. Ammo bu 1992 yilda Quyosh tizimidan tashqarida boshqa yulduz atrofida aylanuvchi birinchi sayyora kashf etilishi bilan o‘zgara boshladi.

Astronomlar uzoq yulduzlar atrofida boshqa dunyolar ham borligini taxmin qilishgan bo‘lsa-da, o‘sha paytgacha buning hech qanday dalili yo‘q edi. O‘shandan beri Quyosh tizimidan tashqarida 6000 ga yaqin sayyora kashf etildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ularning ko‘pchiligi Quyosh tizimidagi Yupiter va Saturnga o‘xshash "gaz gigantlari" deb ataladi. Boshqalari hayot uchun zarur deb hisoblangan suyuq suvni saqlash uchun juda issiq yoki juda sovuqdir.

Ammo ularning ko‘pchiligi hayot paydo bo‘lishi uchun qulay orbitada – astronomlar "Oltin soha" deb ataydigan joyda joylashgan. Professor Madhusudhan fikricha, bizning galaktikamizda minglab shunday sayyoralar mavjud bo‘lishi mumkin.

Katta maqsadli texnologiya

NASA
Agar Quyosh tizimining boshqa qismlarida va undan tashqarida hayot mavjudligini bilsak, bu menga taskin berardi.
Professor Mishel Dogerti
London Imperial kolleji (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ekzosayyoralar (quyosh tizimidan tashqaridagi sayyoralar) kashf etilar ekan, olimlar ularning atmosferasining kimyoviy tarkibini tahlil qilish uchun asboblar ishlab chiqa boshladilar. Ularning bu maqsadi hayratlanarli darajada ulkan, hatto ba’zilar uni haddan tashqari jasoratli deb atashardi.

G‘oya shuki, o‘sha sayyoralar atmosferasidan o‘tayotgan juda oz miqdordagi yulduz nuri tutib olinadi va ularda Yerda faqat tirik organizmlar hosil qiladigan molekulalarning kimyoviy "izlari", ya’ni biosignaturalar bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Olimlar yerdagi va koinotdagi teleskoplar uchun shunday asboblarni ishlab chiqishga erishdilar.

O‘tgan haftada K2-18b deb nomlangan sayyoradagi gazni aniqlagan NASAning Jeyms Uebb kosmik teleskopi (JWST) hozirgacha qurilgan eng qudratli kosmik teleskopdir. U 2021 yilda ishga tushirilgan edi.

NASAning Jeyms Uebb kosmik teleskopi K2-18b deb nomlangan sayyoradagi gazni aniqlagan

Surat manbasi, NASA

Surat tagso‘zi, NASAning Jeyms Uebb kosmik teleskopi K2-18b deb nomlangan sayyoradagi gazni aniqlagan

Biroq JWSTning ham cheklangan tomonlari bor – u bizning sayyoramizga o‘xshash kichik yoki ona yulduzlariga yaqin joylashgan uzoq sayyoralarni aniqlay olmaydi, chunki yulduz nuri xalaqit beradi. Shu sababli, NASA 2030 yillarga mo‘ljallangan Yashash mumkin bo‘lgan dunyolar observatoriyasini (HWO) rejalashtirmoqda. U biznikiga o‘xshash sayyoralarni aniqlaydi va ularning atmosferalarini o‘rganadi. (Bunga yulduz nurini kamaytiruvchi yuqori texnologiyali quyosh ekrani yordamida erishish mumkin.)

Shuningdek, shu o‘n yillik oxirida Yevropa janubiy observatoriyasining (ESO) o‘ta katta teleskopi (ELT) ishga tushiriladi. U Chili cho‘lida joylashgan.

Unga diametri 39 metrli ko‘zgu o‘rnatilgan. Shu bois, u o‘zidan oldingi teleskoplarga qaraganda sayyoralar atmosferasini ancha batafsil ko‘ra oladi.

Ko‘proq kashfiyot – ko‘proq savol

Biroq, professor Madhusudhan ikki yil ichida K2-18b atrofidagi biosignaturalarni haqiqatan ham kashf etganini qat’iy tasdiqlovchi yetarli ma’lumot to‘planishiga umid qilmoqda. Ammo u o‘z maqsadiga erishgan taqdirda ham, bu o‘zga sayyorada hayotning kashf etilganini ommaviy nishonlashga olib kelmaydi.

Buning o‘rniga, biosignatura jonsiz moddalar orqali ham hosil bo‘lishi mumkinligi haqida yana bir jiddiy ilmiy munozara boshlanadi.

mars

Surat manbasi, Reuters

Shotlandiyaning Qirollik astronomi, Edinburg universiteti professori Ketrin Heymansning aytishicha, vaqt o‘tishi bilan ko‘proq atmosferalardan ma’lumotlar to‘plangani va kimyogarlar biosignaturalar sababini boshqacha izohlay olmagani sari, ilmiy jamoatchilik asta-sekin boshqa sayyoralarda hayot mavjudligi ehtimolini jiddiy qabul qila boshlaydi.

"Teleskoplarda ko‘proq vaqt sarflansa, astronomlar bu atmosferalarning kimyoviy tarkibini aniqroq ko‘radi. Bu aniq hayotmi, bilmaysiz. Ammo, menimcha, qanchalik ko‘p ma’lumot to‘plansa va agar buni faqat bitta sayyorada emas, bir qancha turli tizimlarda ko‘rsak, bu bizga ko‘proq ishonch beradi."

Butunjahon internet tarmog‘i bir qator mayda texnologik yutuqlar natijasida paydo bo‘lgan edi. Ammo odamlar o‘sha vaqtda qanday o‘zgarish bo‘layotganini payqashmagan.

marsaxod

Surat manbasi, Getty Images

Xuddi shu tarzda, boshqa sayyoralarda hayot mavjudligi borasida qilinayotgan yangiliklar o‘sha vaqtda to‘liq anglab yetilmagan bo‘lishi mumkin.

Ko‘chma laboratoriyalari bo‘lgan robotlashtirilgan kosmik kema yordamida o‘z Quyosh tizimimizda hayotni kashf etish yanada aniqroq kashfiyot bo‘lardi. Bunda har qanday organizmni tahlil qilish, hatto Yerga keltirish ham mumkin, bu esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday ilmiy qarshiliklarni sezilarli darajada cheklaydi.

So‘nggi yillarda turli kosmik kemalar yuborgan ma’lumotlardan so‘ng, Quyosh tizimimizda hayot yoki o‘tmishdagi hayot mavjudligi haqidagi ilmiy dalillar ko‘paydi, shuning uchun uning belgilarini izlash uchun bir nechta missiyalar yo‘lga chiqmoqda.

Yevropa kosmik agentligining (ESA) 2028 yilda uchirilishi rejalashtirilgan ExoMars marskezari Mars yuzasini o‘tmish va ehtimol hozirgi hayot izlarini qidirish uchun burg‘ulaydi. Marsdagi og‘ir sharoitni hisobga olgan holda, toshga aylangan o‘tmishdagi hayot izlari topilishi ehtimoli ko‘proq.

Xitoyning "Tianwen-3" missiyasi ham 2028 yilda uchirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u namunalarni to‘plash va 2031 yilgacha Yerga qaytarish uchun mo‘ljallangan. NASA va ESA o‘z kosmik kemalarini Yupiterning muzli yo‘ldoshlariga ularning muzli yuzalari ostida suv, ehtimol ulkan okeanlar bo‘lishi mumkinligini tekshirish uchun yubormoqda.

teleskop

Surat manbasi, NASA/ Reuters

Ammo bu kosmik kemalar hayotning o‘zini topishga mo‘ljallanmagan. Ammo bu missiyalar kelajakdagi tadqiqotlar uchun zamin hozirlaydi, deydi London Imperial kolleji professori Mishel Dogerti.

"Bu uzoq va sekin davom etadigan jarayon, – deydi u. – Keyingi qaror qo‘nish apparati, u qaysi tabiiy yo‘ldoshga borishi va qayerga qo‘nishi masalasi bo‘ladi.

"Teshib bo‘lmaydigan muz qobig‘iga qo‘nishni istamaysiz, har holda. Shunday qilib, bu uzoq, sekin rivojlanadigan jarayon, lekin yo‘l juda qiziqarli."

Shuningdek, NASA 2034 yilda Saturnning yo‘ldoshlaridan biri bo‘lgan Titanga qo‘nish uchun «Ninachi» nomli kosmik kemani yubormoqda. Bu g‘aroyib dunyo bo‘lib, unda ko‘llar va uglerodga boy kimyoviy moddalardan iborat bulutlar bor, sayyorani g‘alati to‘q sariq tuman bilan o‘rab oladi.

Suv bilan bir qatorda bu kimyoviy moddalar hayot uchun zarur tarkibiy qism hisoblanadi.

Professor Dogerti o‘z sohasidagi yetakchi sayyorashunos olimlardan biri. U Yupiter yoki Saturnning muzli oylaridan birida hayot bor deb o‘ylaydimi?

"Yo‘q bo‘lsa, juda hayron bo‘lardim," deydi u.

"Uch narsa kerak: issiqlik manbai, suyuq suv va organik (uglerod asosidagi) kimyoviy moddalar. Agar bizda ushbu uchta tarkibiy qism bo‘lsa, hayotning shakllanishi ehtimoli juda yuqori bo‘ladi."

Insonning xos maqomini kamaytirish

Agar oddiy hayot shakllari mavjudligi aniqlansa, bu murakkabroq hayot shakllari ham mavjud bo‘lishi ehtimolini oshiradi.

Prof. Madhusudhanning fikricha, agar bu tasdiqlansa, sodda hayot shakllari galaktikada "juda keng tarqalgan" bo‘lishi kerak. "Lekin o‘sha sodda hayotdan murakkab hayotga o‘tish katta qadam va bu ochiq savol. Bu qadam qanday amalga oshadi? Buni qanday shart-sharoitlar boshqaradi? Biz buni bilmaymiz. Shundan keyin aqlli hayotni izlash yana bir katta qadamdir."

Ayrim olimlarga ko‘ra, o‘zga sayyoralarda hayot topishga ko‘p qolmadi

Surat manbasi, NASA

Surat tagso‘zi, Ayrim olimlarga ko‘ra, o‘zga sayyoralarda hayot topishga ko‘p qolmadi

Qirollik Astronomiya Jamiyati ijrochi direktori o‘rinbosari doktor Robert Massi boshqa dunyolarda aqlli hayotning paydo bo‘lishi sodda hayot shakllariga qaraganda ehtimoli ancha kamroqligini aytadi.

"Yerda hayotning paydo bo‘lishini kuzatganimizda, uning juda murakkab jarayon ekanligini ko‘ramiz. Ko‘p hujayrali hayotning paydo bo‘lishi va keyinchalik xilma-xil hayot shakllariga aylanishi uchun juda uzoq vaqt talab etilgan.

"Asosiy savol shuki, Yerda bu evolyutsiyaga imkon bergan o‘ziga xos qanday xususiyat bor edi? Boshqa dunyolarda ham hayot rivojlanishi uchun xuddi bizdagidek sharoitlar, o‘lcham, okeanlar va quruqliklar kerakmi yoki hayot har qanday holatda ham yuzaga kelaverishi mumkinmi");